Суббота, 19.01.2019, 22:40:44
Главная Регистрация RSS
Приветствую Вас, Mehmon
[ Новые сообщения · Участники · Правила форума · Поиск · RSS ]
  • Страница 1 из 1
  • 1
Модератор форума: uzmegavideo  
╚»★ OnLiNe UzBeKoNa FoRuM ★«╝ » Internet, Games, Sport, Tibbiyot, Pazandalik, Xabarlar, Fan va Ta'lim » Internet Dasturlar, o'quv kurslar va Fayllar / Games » "Nano"ning komputer bilan hamkorligi ("Nano"ning komputer bilan hamkorligi)
"Nano"ning komputer bilan hamkorligi
uzkinoДата: Среда, 24.08.2011, 07:47:22 | Сообщение # 1
Полковник
Группа: Forumchi
Сообщений: 183
Награды: 2
Репутация: 0
Статус: Оффлайн


"Nano"ning komputer bilan hamkorligi

Jadal sur'atlar bilan rivojlanayotgan taraqqiyot natijasida bir vaqtlar ertaklarda mo‘jiza sifatida talqin etilgan, ba'zi fantastik adabiyotlarda inson xayoloti mevasi, deya ta'riflangan voqeliklar endilikda real hayotda ham ro‘y bermoqda. Nanotibbiyot, nanotexnologiya, nanosanoatda yaratilayotgan kashfiyotlar qaynar xumcha-u ochil dasturxonlarni, shuningdek, abadiy hayotni va'da qilayotganday go‘yo.

Shular qatorida nanokomputerlarning ham kashf qilinishi bu mitti moslamalarning qaysi o‘rinlarda qo‘llanilishi to‘g‘risidagi savollarni paydo qilmoqda. Bu esa nanoolam tarixiga nazar solib, uning rivojlanishi qanday natijalarga olib kelishi mumkinligi haqida fikr yuritishga undaydi. 

"MITTI"NING LEKSIKAGA TASHRIFI

So‘nggi ilm-fan yangiliklarida tez-tez nanometr, nanoovqat, nanokiyim, nanorobot kabi atamalar qo‘llanilapti. Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi: "nano" prefiksi (old qo‘shimcha) qanday ma'noni beradi? Elektron manbalarda keltirilishicha, "nano" 1960 yildan muomalaga kiritilgan bo‘lib, yunoncha "mitti" ma'nosini bildiradi.

Oldiniga nanometr, nanosekund, aniqrog‘i, birliklarning eng kichiklarini aks ettirishga xizmat qilgan "mitti" so‘zi asta-sekinlik bilan "bo‘linmas zarralar", ya'ni atomlar ustida tadqiqot olib boruvchi sohalarda keng qo‘llanila boshladi. Bu sohada izlanishlar ancha oldindan olib borilganiga qaramay, "nano" qo‘shimchasi ilk bor 1974 yili texnologiya atamasi bilan birga qo‘llandi. Bu esa, o‘z navbatida, ilg‘or texnologiyalarning yangi yo‘nalishini belgilab berdi. 

"BO‘LINMAS" ZARRALARGA TA'SIR

Atomlar ustida tadqiqotlar olib borish mumkinligi to‘g‘risidagi ilk farazlar Isaak Nutonning 1704 yilda yozilgan "Optiklar" kitobida uchraydi. Bu kitobda qachondir kelajak mikroskoplari zarralarning sirlarini ochishiga umid bildirilgan. 1959 yilning 29 dekabrida AQShda bo‘lib o‘tgan fizik olimlar uchrashuvida Nobel mukofoti sohibi Richard Feynman dunyo ilm-fanida hali izlanishlar qilinmagan soha to‘g‘risida gapirib o‘tdi. 

Olim o‘z ma'ruzasida eng kichik zarra hisoblanuvchi atomlar olamiga ta'sir ko‘rsatish mumkin, degan fikrni ilgari surdi. Bu — zarralar ustida izlanish olib boruvchi fanning ilk nazariyasi edi. Feynman atomlarga ta'sir ko‘rsatish orqali yangi texnologiyalar, uskuna va robotlar yaratish konsepsiyasini asoslashga harakat qilgan. www.vsesmi.ru saytidagi ma'lumotlarga ko‘ra, yangi sohaning nazariyasini, qonuniyatlarini, fanning yangiligini Feynman kashf qilgan bo‘lsa-da, nanotexnologiya atamasini ilk bor 1974 yili yapon fizigi Norio Taniguchi "Nanotexnologiyalarning asosiy konsepsiyasi haqida" deb nomlangan asarida qo‘lladi. U nanotexnologiyani "o‘ta aniq ishlaydigan va haddan ziyod kichik hajmli texnologiya" ma'nosida tushuntirib o‘tadi. 1981 yilda Yevropada atomlarni ham ko‘rish imkoniyatini beruvchi mikroskopning yaratilishi soha taraqqiyotida burilish yasadi.

1986 yilga qadar nanotexnologiya faqat xos ilmiy doiralarga ma'lum fan yo‘nalishi edi. Sohani keng jamoatchilikka tanitishda amerikalik fizik va futurolog Erik Drekslerning ham xizmati katta. U "Yaratuvchi mashina: nanotexnologiya davri kelmoqda" asarida yangi fanni insoniyat kelajagini bunyod etuvchi ilm sifatida talqin qildi. Ushbu fikrning isboti sifatida bugun nanotexnologiya sohasida misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishildi. Masalan, nanoliboslar nafaqat o‘lchamini o‘zgartiradi, issiq va sovuqdan saqlaydi, balki insondagi kasalliklarni aniqlab, ba'zi holatlarda hatto davolaydi ham. 

KOMPUTERLAR HAM KICHRAYMOQDA

psychology.net.ru saytida berilgan ma'lumotlarga qaraganda, bugun "reallikning tugayotgani", postmodernizm davrining ham tez orada o‘zining poyoniga yetishini bashorat qiluvchilar ko‘payib ketgan. Ularning fikricha, bu davrlarning o‘ziga xosligi "nano" sohasining rivojlanib ketishi bilan tushuntiriladi. Bir so‘z bilan aytganda, reallikning tugashi virtual reallikka qadamdir. Bunda asosiy yetakchilikni nanokomputerlar qo‘lga olishiga shubha bildirilmayapti. Shu o‘rinda nanokomputer nimaligi va uning yaratilishi ustida qanday ishlar olib borilayotgani haqida to‘xtalish zarur.

Nanokomputer - bir necha nanometr hajmdagi elektron (mexanik, biokimyoviy, kvant) texnologiyalar asosida ishlaydigan hisoblash moslamasidir. Nanotexnologiya asosida ishlaydigan komputerning o‘zi mikroskopda ko‘rish mumkin bo‘lgan hajmda bo‘ladi. Ayni paytda nanoprotsessorli tranzistor yaratilgani sohaning kelajakda taraqqiy etishiga umid bermoqda. "Kichik" komputerlarni yaratishda mikroelektronikaning ahamiyati katta. Bugun dunyoning ko‘plab ilmiy laboratoriyalarida, ishlab chiqarish kompaniyalarida bunday "mittivoy"larning prototiplarini ko‘rish, tez-tez mazkur sohada yangiliklar yaratilayotgani to‘g‘risidagi xabarlarni o‘qish mumkin. 

Masalan, 2007 yilning 15 oktabrida "Intel" kompaniyasi kichik hajmli protsessorning yangi prototipini yaratgani to‘g‘risida xabar berdi. Eng kichik tuzilishdagi element bor-yo‘g‘i 45 nm.ga tengligi bilan ahamiyatlidir. Mazkur kompaniya 5 nm. hajmidagi mahsulotlarni ishlab chiqish ustida ham izlanishlar olib bormoqda. "Intel"ning asosiy raqobatchisi AMD kompaniyasi esa ancha oldin IBM kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqqan mahsulotlarida nanotexnologik protsessorlardan foydalangan. "Intel"ning nanoprotsessori undan farqli ravishda qo‘shimcha izolotsiya qilingan SOI qatlamga egadir. Bu esa tok ko‘p sarflanishining oldini oladi.

BIOKOMPUTER VA NANOPSIXOLOGIYA

1994 yilda Janubiy Kaliforniya universiteti professori Leonard Adleman DNK-hujayrasi va texnologiyalarni birlashtirish ustida izlanish olib borgan. Bu biokomputerning yaratilishida ilk qadam bo‘lgan, desak xato bo‘lmaydi. Bunday komputer yoramida an'anaviy komputer me'morchiligida bajarish mumkin bo‘lmagan ishlarni amalga oshirish imkoni bor. Shuningdek, DNK-metodi yordamida biokimyoviy reaksiyalarni, kerakli o‘rinlarda molekulalarni filtrdan o‘tkazish ham mumkin. "Har to‘kisda bir noqis" deganidek, kelajak komputerining bu turi ham uzoq masofadan turib buyruq berishida muammolar bor. Biokomputerdagi asosiy birlik biomolekulani tashkil etadi. Xo‘sh, bunday komputerlardan qanday o‘rinlarda foydalanish mumkin? 

Nazariyotchi olim M.Epshteynning fikriga ko‘ra, endi falsafa olamida tub o‘zgarishlar yuz bermaydi. Endi bu sohadagi ulkan o‘zgarishlarni nanopsixologiyadan qidirish darkor. Nanopsixologiyaning rivoji esa biokomputerlarning yaratilishiga bevosita bog‘liq bo‘ladi. Epshteynning taxminiga ko‘ra, endilikda inson "dunyo o‘rgimchak to‘ri"ga bog‘lanib qoladi. Demakki, undagi har bir neyron, hujayra, gen va chiplar jilovlangan, bog‘langan bo‘ladi. "Zarralar psixologiyasi" orqali miyaga kiritilgan zarra komputerlar har bir hujayra bilan o‘zaro ta'sirda bo‘ladi, uni nazorat qilish va kezi kelganda, boshqarishga zamin yaratadi.

Nanochip, nanobot, mikronurtarqatuvchi, mikrokomputerlar, mikrotizim kodlashtiruvchisi, DNK-komputerlar kabi nanotexnologik zarra-asboblar miyaning har bir hujayrasidagi jarayonlarni o‘rganish imkonini yaratadi. Ruhiy jarayonlarga nanozarralar (nanoblokatorlar, nanoekranlar, nanochiplar va har xil nanoenergetik tuzilmalar)ning ta'siri tufayli ularni o‘rganish bilan birga, muammolarni hal qilishi mumkin. Zarralar yordamida miyaning axboriy hududlarini o‘zgartirish, unga yangiliklar kiritish imkoniyati mavjud. Ruhiy jarayonlarni miya va asablarda joylashgan nanozarralar ta'sirida tadqiq etish, uni komputer yordamida boshqarishda internetga o‘xshash global tarmoq yaratish ustida bugun sohada izlanish olib borayotgan olimlarning bosh qotirayotgani ham sir emas. 

garifi.livejournal.com saytida berilishicha, soha rivojlanishi tufayli "fikriy ochiq jamiyat" paydo bo‘ladi. Unda barchaning o‘y-xayollaridan boxabar bo‘lish imkoniyati tug‘iladi. Qadimda yoglar va ba'zi alohida qobiliyatga ega insonlar boshqalarning fikrlarini o‘qiy olgan bo‘lsa, taraqqiyot natijasida kelajakda buni komputer ham bajara oladigan bo‘lib qolishi ehtimoldan xoli emas ekan. E'tiborlisi, ba'zi mutaxassislar balki, shu yo‘l bilan fikrlar beboshligiga barham berish mumkindir, degan fikrda. 

KVANT "MITTIVOY"INING FIZIKADAGI AHAMIYATI

Nanokomputerning yana bir turi kvant komputeridir. Bir necha urinish va izlanishlar natijasini hisobga olmaganda, kvant (chiqarilishi yoki yutilishi mumkin bo‘lgan eng oz, bo‘linmas energiya miqdori) mexanikasi asosida ishlaydigan hisoblash mashinasi hozircha faraziy moslama hisoblanadi. Ammo, zamonaviy fizika taraqqiyoti kvant nazariyasining rivojlanishi bilan bevosita aloqador ekanini ta'kidlash zarur. Boisi, ayni paytgacha 10 kubitgacha bo‘lgan kvant komputerlarining variantlari yaratilgan. 

Bunday komputerlarni yaratish fikri 1980 yili Yu.Manini tomonidan o‘rtaga tashlangan. Shundan so‘ng kvant komputerlari fizikaning og‘ir va ko‘p qismli tizimlarini tadqiq qilishda zaruriy ashyoga aylanishi ma'lum bo‘ldi. Bizning asrimizda kelib esa ko‘plab ilmiy laboratoriyalarda bir kubitli kvantprotsessorlar ixtiro qilindi. 2007 yilning fevralida "D-Wave" kompaniyasi (Kanada) kvant komputeri namunasini yaratgani to‘g‘risida xabar bergan edi. Unga ko‘ra, mazkur ixtiro 16 kubitdan tashkil topgan. Demakki, hali sohada ko‘plab kashfiyotlar amalga oshiriladi.

KASHFIYOT BUNYODKORLIKKA XIZMAT QILSIN

Bular hali hammasi emas. AQShlik olimlar tomonidan ajoyib mittivoy ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur nanokomputerning "afzalligi" uning monitorini inson ko‘ziga o‘rnatsa bo‘lishida ko‘rinadi. Atigi 1 kub mm. ko‘lamni egallovchi moslama ko‘z olmasining o‘ziga implantatsiya qilish orqali o‘rnatiladi. Shuningdek, u o‘zida mikroprotsessorlarni, bosim datchigini, batarea, radioblok va antennani mujassamlashtirgan.

"Zarralar" olami tadqiqotlari esa hali davom etapti. Ayni paytda mo‘'jiza deb hisoblanayotgan nanotexnologiya to‘g‘ri yo‘naltirilsa, juda ko‘p ilmiy tadqiqotlarga yechim topishi mumkinligi fanning ahamiyatini oshirmoqda. Bunda nanotexnologiya yutuqlari ham boshqa sohalar kabi jamiyatning farovon va tinch yashashiga yo‘naltirilsa bas.



Ho
 
╚»★ OnLiNe UzBeKoNa FoRuM ★«╝ » Internet, Games, Sport, Tibbiyot, Pazandalik, Xabarlar, Fan va Ta'lim » Internet Dasturlar, o'quv kurslar va Fayllar / Games » "Nano"ning komputer bilan hamkorligi ("Nano"ning komputer bilan hamkorligi)
  • Страница 1 из 1
  • 1
Поиск:

Приятного просмотра и спасибо что посетили сайт.